Tramp Misr va Iordaniyani G‘azo sektoridan ko‘proq qochqinlarni qabul qilishga chaqirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
AQSh prezidenti bunday fikrni Iordaniya qiroli Abdulloh II va Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy bilan telefon orqali suhbatlarda aytgan.
"Men qirol Abdulloh II ga, o‘z zimmasiga ko‘proq mas’uliyat olishini istashimni aytdim. Chunki hozir G‘azo sektorida haqiqiy tartibsizlik va og‘ir vaziyat hukmron. Men uning falastinlik qochqinlarni qabul qilishini istardim", — deya Trampning so‘zlarini keltiradi Reuters.
Misr prezidenti bilan suhbatda esa Tramp gap G‘azo sektoridan "taxminan bir yarim million odamni ko‘chirish" haqida ketayotganini aytgan.
"Biz G‘azo sektorini batamom tozalaymiz va hammasi tugadi, deymiz", — deya AQSh prezidentining so‘zlarini keltiradi NPR.