Voqea joyiga liftga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot vakillari yetib kelib, odamlarni 4-5 daqiqa ichida chiqarib olishga muvaffaq bo‘lgan.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlar orqali Yashnobod tumani Nurmuhammedov dahasi 12-uy liftining uzilib tushib ketgani haqida videotasvir tarqaldi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, liftning to‘xtash qavatiga kelganda sekinlashtirish funksiyasini amalga oshiruvchi datchik nosozligi tufayli o‘z vaqtida kerakli signal yetib bormagan. Shu bois liftning himoya funksiyasi ishlab, 2- va 3-qavatlar oralig‘ida harakatlanishdan to‘xtagan.
Ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi «Ekohudud» va liftlarning ekspluatasiyasini shartnoma asosida amalga oshirib kelayotgan «Xavfsiz lift» tashkilotining 24/7 dispetcherlik xizmatiga kelib tushgan murojaat tezkorlik bilan bartaraf etilgan. Voqea joyiga liftga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot vakillari yetib kelib, odamlarni 4-5 daqiqa ichida chiqarib olishga muvaffaq bo‘lgan.
Hozirda lift qurilmasi soz holatga keltirilgan.