AQSh hukumati samaradorligini oshirish departamenti (DOGE) ishiga mas’ul bo‘lgan Ilon Mask Vashington ma’muriyatida kamida yana bir necha oy ishlaydi. Bu haqda payshanba kuni jurnalistlarga AQSh prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi.
"Ilon ma’lum muddatga qoladi. Keyin esa u o‘z biznesiga doimiy asosda qaytishni xohlaydi. Ammo u ajoyib ish qildi," - deya ta’kidladi Amerika yetakchisi. "Menimcha, bir necha oy," - dedi u Maskning "DOGE" ishini yana qancha vaqt nazorat qilishi haqidagi savolga javob berar ekan. - Qancha xohlasa, shuncha. Menga aqlli odamlar yoqadi, - deya javobini davom ettirdi Tramp. - Men Ilonning iloji boricha ko‘proq qolishini istardim. Lekin shunday vaqt keladiki, u ketishga majbur bo‘ladi." Trampning so‘zlariga ko‘ra, shundan keyin DOGE’da boshqa rahbariyat bo‘ladi, biroq idora o‘z ishini davom ettiradi.
Trampning ishontirishicha, u Mask va DOGE’ning AQSh hukumatidagi firibgarlik, suiiste’molchilik va talon-tarojliklarni aniqlash borasidagi ishlarini yuqori baholaydi. Amerika yetakchisi Florida shtatiga uchayotgan samolyot bortida jurnalistlarning savollariga javob bergan. Tramp kelajakda Maskni boshqa lavozimga tayinlashini tan oldi. - Shunday qilardim. U ajoyib. Ammo uning boshqarishi kerak bo‘lgan kompaniyalari ham bor," - dedi Amerika yetakchisi.
2 aprel kuni Amerikaning Politico gazetasi manbalarga tayanib xabar berishicha, Tramp yaqin haftalarda Mask o‘ynayotgan siyosiy rol kamayishi haqida yaqinlarini ogohlantirgan. Nashr manbalariga ko‘ra, Mask asosan biznes bilan shug‘ullanadi va siyosat nuqtai nazaridan "yordamchi rol o‘ynaydi," ehtimol, Trampning "norasmiy maslahatchisi rolini saqlab qoladi."