AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiya–Ukraina urushiga barham berish bo‘yicha yangi reja ishlab chiqqani haqida qator nashrlar, jumladan, Axios, Reuters, Financial Times va The Economist o‘z manbalariga tayanib xabar tarqatdi. Ularning ta’kidlashicha, taklif etilgan yangi kelishuv «Kremlning deyarli barcha talablarini aks ettiradi». Ukraina va uning ittifoqchilari esa uni «Rossiya uchun ulkan imtiyoz» deb qabul qilishi mumkin.
Axios nashrining yozishicha, Tramp ma’muriyatining tinchlik rejasi jami 28 banddan iborat bo‘lib, quyidagi asosiy takliflarni o‘z ichiga oladi:
Ukraina armiyasi Donesk viloyatidan chiqib ketishi, ya’ni Donbassni amalda Rossiyaga topshirishi taklif qilingan.
Donesk va Lugansk hududlari demilitarizasiya qilingan zonaga aylanadi, ya’ni bu yerda Rossiya ham armiya joylashtira olmaydi.
Rossiya anneksiya qilgan, lekin to‘liq nazorat qilolmagan Zaporojye va Xerson viloyatlaridagi front chizig‘i muzlatib qo‘yiladi.
Kelgusida muzokaralar natijasiga ko‘ra, Rossiya bu hududlarning bir qismini Ukrainaga qaytarishi mumkin, lekin qaysi qism ekani noma’lum.
Taklifga ko‘ra, AQSh va qator Yevropa davlatlari Qrim va Donbassni rasman Rossiya hududi deb tan oladi, ammo Ukraina buni tan olishga majbur qilinmaydi.
Financial Times ma’lumotiga ko‘ra – ikki baravar, The Economist ma’lumotiga ko‘ra esa ikki yarim baravar qisqartirilishi kerak.
Shuningdek:
AQSh Ukrainaga Rossiyaning yangi tajovuzi holatida xavfsizlik kafolatlari berishini va’da qiladi. Lekin yuqoridagi rejada ularning mazmun-mohiyati ochiqlanmagan.
G‘arb nashrlarining ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati yangi rejasi, asosan Rossiya 2022-2023 yillarda Istanbul muzokaralari vaqtida ilgari surgan talablarga hamda Moskva doimiy ravishda takrorlab kelayotgan geosiyosiy ultimatumlarga yaqin.
Bu mazkur rejaning kimlar tomonidan ishlab chiqilgani yoki ta’sir etuvchilar doirasini yanada tushunarli qiladi. Hatto rejani tayyorlashda ishtirok etganlar orasida amaldagi va sobiq Rossiya rasmiylari, AQSh rasmiylari hamda Qatar va Turkiya vakillari ham bo‘lgani aytilmoqda.
AQSh tomonidan rejani ilgari surish bilan prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff shug‘ullandi.
Ukraina prezidenti Zelenskiy esa muhokamalarga Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari Rustem Umerovni yuborgan.
Uitkoff va Umerov 15–16 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan uchrashuvda rejaning ko‘plab bandlari bo‘yicha muhokama o‘tkazgan.
G‘arb nashrlari xabar berishicha, Ukraina bu rejani qo‘llab-quvvatlamagan. Shu bois Anqarada o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Zelenskiy-Uitkoff-Xakan Fidan (Turkiya tashqi ishlar vaziri) uchrashuvi o‘tkazilmagan.
Kiyevning fikriga ko‘ra, reja Ukraina manfaatlariga zid va suverenitetga tajovuz. Shu bilan birga Rossiyaga ulkan imtiyozlar berishni ko‘zlaydi. Shu bois Zelenskiy muzokaralarga Yevropa davlatlarini ham jalb qilishni talab qilgan.
«Agar Ukraina urushni davom ettirsa, Donbassni baribir yo‘qotishi mumkin. Shuning uchun hozirgi kelishuvni imzolashdan Ukraina manfaatdor», – degan Axios bilan suhbatlashgan AQSh rasmiysi.
O‘z navbatida, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva muzokaralarga tayyorligini, o‘rtadagi tanaffus Kiyev buni istamayotgani tufayli yuzaga kelganini aytgan.
Manba: meduza.io