AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi Garvard universitetidan 30 aprelgacha talaba vizasi asosida tahsil olayotgan xorijiy talabalar tomonidan sodir etilgan “noqonuniy va zo‘ravonlik harakatlari” haqida “batafsil ma’lumotlarni” taqdim etishni talab qildi. Aks holda, Garvard xorijiy talabalarni qabul qilish huquqidan mahrum qilinadi.
Garvard vakillari CNN'ga bergan izohida bu talabdan xabardor ekanliklarini bildirgan, biroq universitet o‘z mustaqilligidan voz kechmasligini va konstitusiyaviy huquqlarini saqlab qolishga sodiq qolishini ta’kidlagan.
Qo‘shma Shtatlarda o‘qishni rejalashtirayotgan xorijliklar F yoki M turidagi talaba vizasini olishlari kerak. Bunday vizalar faqat SEVP (Talabalar va almashinuv dasturlari bo‘yicha vizalar) tizimida sertifikatlangan o‘quv muassasalari tomonidan berilishi mumkin. AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi SEVP dasturini nazorat qiladi va istalgan o‘quv yurtining sertifikatini bekor qilish vakolatiga ega.
2024–2025 o‘quv yili davomida Garvardda 6793 nafar xorijiy talaba tahsil olgan. Bu jami talabalar sonining 27 foizidan biroz ko‘proqni tashkil etadi va 2006 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Harward Crimson talabalar gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati bilan kelib chiqqan ziddiyatlar boshlanganidan beri 12 nafar talaba va bitiruvchining vizasi bekor qilingan.