AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadaga nisbatan joriy qilingan savdo tariflariga qo‘shimcha ravishda 10 foizga oshirilishini e’lon qildi.
Amerikalik yetakchi bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Uning aniqlik kiritishicha, u AQShning 40-prezidenti Ronald Reygan tariflarning salbiy ta’sirini muhokama qilgan reklama aks ettirilgan "soxta kampaniya"ga javoban shunday qarorga kelgan.
"Ularning reklamasi zudlik bilan olib tashlanishi kerak edi, biroq ular soxta ekanligini bilib, kecha Jahon seriyasi vaqtida uni efirga uzatishga ruxsat berishdi. Ularning jiddiy noto‘g‘ri ma’lumotlari va dushmanona harakatlari tufayli men Kanadaga tariflarni ular hozir to‘layotganidan 10 foizga oshiryapman", deb yozdi Oq uy rahbari.
Kanadaning Ontario provinsiyasi hukumati 1987 yilda Reyganning tariflarni tanqid qilgan va erkin savdo tamoyillarini himoya qilgan nutqidan parchalar yordamida reklama kampaniyasini chiqardi.