Falastinning XAMAS harakati AQShning BMT Xavfsizlik Kengashida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rezolyusiya loyihasi bo‘yicha ovoz berishda veto huquqidan foydalanishini keskin qoraladi va buni Isroil tomonidan tinch falastinliklarga qarshi sodir etilgan "genosidni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash" deb atadi.
XAMAS o‘z bayonotida faqat sulhga erishishga qaratilgan hujjatni bloklash Isroilning "fashistik bosqinchi hukumati" foydasiga "ko‘r-ko‘rona tarafkashlik" ekanligini ta’kidladi. Harakatga ko‘ra, AQSh shu tariqa G‘azoda insoniyatga qarshi sodir etilgan jinoyatlarni qo‘llab-quvvatlashini ochiq tasdiqlagan.
"Ushbu veto xalqaro huquqni ochiqdan-ochiq mensimaslik va qon to‘kilishini to‘xtatishga qaratilgan har qanday sa’y-harakatlarni to‘liq rad etishni ifodalaydi. Bunday xatti-harakatlar Vashingtonning takabbur va mas’uliyasiz pozisiyasini aks ettiradi", - deyiladi bayonotda.
XAMAS vakillariga ko‘ra, AQShning hozirgi pozisiyasi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu uchun "yashil chiroq" degan ma’noni anglatadi, unga qarshi Xalqaro jinoiy sud tomonidan order berilgan va unga G‘azoning tinch aholisi – ayollar, bolalar va qariyalarga qarshi "genosid"ni davom ettirish uchun kart-blansh beradi.
XAMAS, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining 20 oydan beri davom etayotgan urushni to‘xtata olmaganiga, yo‘l blokadasini buzib, insonparvarlik yordami yetkaza olmaganiga ishora qildi. "Bularning barchasi xalqaro institutlarning hayotiyligini va Isroil har kuni jazosiz buzayotgan xalqaro huquqning samaradorligini shubha ostiga qo‘yadi", deb ta’kidladi harakat.
XAMAS dunyo hamjamiyatini sodir bo‘layotgan voqealarga zudlik bilan javob berishga, genosidni to‘xtatishga va Isroil yetakchilaridan Falastin xalqiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilishini talab qilishga chaqirdi.
Avval xabar qilinganidek, AQSh bir kun avval BMT Xavfsizlik kengashida G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rezolyusiya loyihasiga veto qo‘ygan edi. Rad etish sababi, Vashingtonga ko‘ra, hujjat matnida "XAMAS qoralanmagani" bo‘lgan.