Donald Tramp Isroilga aviabombalar yetkazib berilishini qayta tiklashni buyurdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
"AQSh Prezidenti Donald Tramp Amerika harbiylariga Jo Bayden tomonidan Isroilga 2 ming funt (qariyb 907 kilogramm) og‘irlikdagi aviabombalarni yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishni buyurdi", deb xabar berdi agentlik Oq uydagi manbasiga tayanib.
Reuters bu qarorni "kutilgan qadam" deb atadi. O‘tgan yil bahorda sobiq prezident Jo Bayden Isroilga aviabombalar yetkazib berishni to‘xtatgan edi. Bayden aviabombalar G‘azodagi oddiy aholiga qarshi qo‘llanilishi va sektordagi vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirlangan.
Hozirda Isroil va HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Shanba kuni isroillik garovdagilarni falastinlik mahbuslarga almashtirishning ikkinchi bosqichi amalga oshirildi.
"Isroil tomonidan buyurtma qilingan hamda puli to‘langan, ammo Bayden tomonidan yuborilmagan ko‘plab narsalar hozir yo‘lda!" — deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social platformasida, biroq u nimani nazarda tutganini aniqlashtirmadi.
Axios manbalarining ta’kidlashicha, 2 ming funt og‘irlikdagi aviabombalar yaqin kunlarda kemalarga yuklanib, Isroilga yuboriladi.