AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi harbiy zarbalarni keskin kuchaytirish rejasini vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda The New York Times nashri manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Tramp keng ko‘lamli harbiy amaliyot Yaqin Sharqda joylashtirilgan Patriot va boshqa havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun muhim o‘q-dorilar zaxirasini keskin kamaytirib yuborishidan xavotir bildirgan.
Manbalarning ta’kidlashicha, qurol-yarog‘ zaxiralarining cheklangani qarorga ta’sir qilgan yagona omil emas. Oq uy mojaroning mintaqadagi boshqa davlatlarga yoyilishi, Fors ko‘rfazi mamlakatlari noroziligi, shuningdek, ehtimoliy energetika va iqtisodiy inqiroz hamda yangi qochqinlar to‘lqini yuzaga kelishi mumkinligidan ham xavotirda.
The New York Times yozishicha, Trampning yaqin maslahatchilari orasida Eronga qarshi hujumlarni yanada kuchaytirish tarafdorlari ko‘p emas. Ismi oshkor etilmagan yuqori martabali amaldorning fikricha, harbiy bosimni oshirish Tehronni muzokaralar stoliga qaytarishi ehtimoldan yiroq.
Aksincha, manbaga ko‘ra, bunday hujumlar teskari samara berib, Eron rahbariyatiga tashqi tahdiddan ichki birlikni mustahkamlash vositasi sifatida foydalanish imkonini berishi mumkin.