AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azo sektorida olovni to‘xtatish bo‘yicha yaqin vaqt ichida kelishuvga erishish mumkinligiga ishonch bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy shart — Isroilga barcha garovdagi shaxslarni, shu jumladan halok bo‘lganlarni ham topshirish hisoblanadi.
«Menimcha, biz juda tez orada G‘azo bo‘yicha kelishuvga erishamiz», — dedi Tramp.
HAMAS o‘z vositachilari orqali AQSh tomonidan berilgan takliflarni olganini tasdiqladi, biroq yana bir bor Isroil qo‘shinlarining G‘azodan chiqishini muzokaralar uchun shart sifatida qo‘ydi. Bundan avval Tramp «oxirgi ogohlantirish»ni e’lon qilgan va boshqa imtiyozlar berilmasligini ta’kidlagan edi.
Jurnalistlar bilan uchrashuvda Tramp, shuningdek, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush mavzusini ham ko‘tardi. U yaqin kunlarda Vashingtonda Evropa yetakchilari bilan uchrashib, inqirozni muhokama qilishini hamda Vladimir Putin bilan suhbatlashishini ma’lum qildi.
«Men u yerda bo‘layotgan voqealardan xursand emasman. Men ishonamanki, biz buni hal qilamiz. Lekin men ulardan rozi emasman. Bu urush bilan bog‘liq hech narsadan mamnun emasman», — deya qo‘shimcha qildi u.