AQSh prezidenti chorshanba kuni kechqurun Vashington Tehron bilan mojaroni diplomatik yo‘l orqali hal qilish imkoniyatiga nisbatan optimistik ruhda ekanligini tasdiqladi.
"Ular kelishuv tuzishni xohlashmoqda. Oxirgi 24 soat ichida bizda juda yaxshi muzokaralar bo‘ldi va kelishib olishimiz ehtimoli juda yuqori", — dedi u Oq uyning Oval kabinetda jurnalistlarga.
Shu bilan birga, Tramp Eron boshqa shartlar qatorida hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmaslikka rozi bo‘lganini ta’kidladi. Biroq Eron tomoni buni hali tasdiqlamadi.
Oq uy rahbari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari yozgan kelishuvga erishish uchun belgilangan 30 kunlik muddat moslashuvchan bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi. Tramp hech qanday muddatlar (dedlaynlar) mavjud emasligini aytdi.
Garchi Tramp va boshqa rasmiylar ular muvaffaqiyatli o‘tayotganini muntazam ravishda ta’kidlab kelayotgan bo‘lsada, AQSh ma’muriyati muzokaralar tafsilotlarini deyarli oshkor qilmayapti.
Shu bilan birga, Oq uy muammoni hal qilishda “kuch ishlatish varianti” ham istisno qilinmasligiga ishora qilishda davom etmoqda.