AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan “yirik kelishuv”ga erishish mumkinligini aytdi. Uning bildirishicha, Pokistonda o‘tayotgan muzokaralar ijobiy natija berishi kutilmoqda.
Tramp CNBC telekanaliga bergan intervyusida AQSh Eron bilan bo‘lgan vaqtinchalik kelishuvni uzaytirish niyatida emasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, Vashington muzokaralarda kuchli pozisiyaga ega.
Prezident Eron yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi shart ekanini alohida qayd etdi. U kelishuv bo‘lmasa, AQSh qattiq choralar ko‘rishi mumkinligini ham bildirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh va Eron delegasiyalari Pokiston poytaxti Islomobodda muzokaralarning navbatdagi bosqichini o‘tkazmoqda. Ilk bosqich kelishuvsiz yakunlangan edi.
Hozircha muzokaralar natijasi noma’lum, vaziyat esa mintaqadagi keskinlik sabab diqqat bilan kuzatilmoqda.