Donald Tramp boj siyosati natijalaridan hafsalasi pir bo‘lib, bu yo‘nalish bilan shug‘ullangan bir qator maslahatchilarini chetga surmoqda. Bu haqda Bild xabar berdi.
Nashrning yozishicha, AQSh prezidentiga yaqin bo‘lgan savdo bo‘yicha maslahatchi Piter Navarro va savdo vaziri Govard Lyutnik ikkinchi darajali rollarga surilgan.
Lyutnik proteksionistik tariflar siyosatining me’mori hisoblanadi. Oq uy iyerarxiyasida uni darajasi pasaytirilgani haqida Politico ham xabar bermoqda.
"Birinchi darajaga endi moliya vaziri Skott Bescent chiqadi. Uni ancha muvozanatli inson deb hisoblashadi. Tramp ma’muriyatidagi bunday o‘zgarish, “savdo urushi” reja bo‘yicha ketmayotganining belgisi hisoblanadi. Joriy haftaning o‘rtalarida AQSh davlat obligasiyalari bilan savdo qiluvchi bozorlarda katta qulash kuzatildi. Tramp 75 mamlakatdan import qilinadigan mahsulotlarga joriy qilinishi rejalashtirilgan bojlarni 90 kunga kechiktirishga majbur bo‘ldi", deb yozadi Bild.
Bojlarning bekor qilinishi Xitoyga taalluqli emas. Qo‘shma Shtatlar Xitoy mahsulotlariga 145 foizlik bojlar e’lon qilgan. O‘z navbatida, XXR raisi Si Jinpin amerika importiga tariflarni 125 foizga oshirdi.