Washington Examiner nashrida chop etilgan maqolada Uitkoff Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida Tinchlik bo‘yicha Qo‘shma deklarasiya imzolanganiga bir yil to‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hujjat 35 yildan ortiq davom etgan qonli mojaroga barham berish uchun muhim qadam bo‘lgan.
Uitkoff tinchlik jarayonida Trampning rolini yuqori baholab, AQSh prezidenti an’anaviy yondashuvlardan voz kechib, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik o‘rnatishni ustuvor maqsad qilganini bildirdi.
U, shuningdek, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevni kuchli va qat’iyatli lider deb atab, uning mintaqaviy barqarorlik uchun murakkab qarorlarni qabul qilishga tayyorligini ta’kidladi.
Uitkoffning qayd etishicha, muzokaralardagi asosiy masalalardan biri Ozarbayjonning Naxichevonga to‘sqinliksiz kirishini ta’minlash bo‘lgan. Uning fikricha, bu masalani hal qilish uchun yangicha yondashuv va amaliy yechimlar zarur edi.
Shu jarayonda TRIPP konsepsiyasi — Armaniston hududi orqali to‘sqinliksiz multimodal transport yo‘laklarini yaratishga qaratilgan AQSH-Armaniston hamkorligi paydo bo‘lgan. Uitkoff bu tashabbus Armanistonning hududiy yaxlitligi va suverenitetini to‘liq hurmat qilish asosida amalga oshirilishini ta’kidladi.
Uning aytishicha, so‘nggi bir yil davomida AQSh Armaniston va Ozarbayjon bilan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilgan. Uitkoff TRIPP yo‘lagi Kaspiy dengizi bilan bog‘lanishi va kelajakda ushbu konsepsiya Yaqin Sharqda ham rivojlanishi mumkinligini bildirdi.
Uitkoff maqolasini Tramp, Aliyev va Pashinyan «ritorikani emas, natijani tanlagani» tufayli Janubiy Kavkaz bugun xavfsizroq va barqarorroq ekani haqidagi fikr bilan yakunlagan.