AQSh prezidenti Donald Tramp vise-prezident Jey Di Vensning 2028 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi hali aniq emasligini bildirdi.
Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatlashgan Tramp Vens bilan turli masalalarni muhokama qilib kelayotganini, ammo kelgusi saylovlarda kimlar nomzod bo‘lishi hozircha noma’lumligini ta’kidladi.
"Biz u bilan ko‘p masalalar haqida gaplashamiz. Keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz. Saylovda juda ko‘p nomzod qatnashishi mumkin. Balki Vens ham o‘z nomzodini qo‘ymas. Hozircha kim ishtirok etishini bilmayman", — dedi AQSh rahbari.
Avvalroq Vens 2028 yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashish imkoniyatini istisno etmagan, biroq bu borada yakuniy qarorga kelmaganini bildirgan edi.
Shuningdek, vise-prezident o‘z nomzodini ilgari surgan taqdirda Trampning qo‘llab-quvvatlashiga umid qilishini aytgan.