"Prezident o‘z farmonlari bilan uchta yirik kompaniyaning faoliyatini chekladi. Tramp, jumladan, o‘zining birinchi prezidentligi davomida uning siyosatini tanqid qilgan yetakchi yuridik firmalardan biri Paul Weiss'ga qarshi chora ko‘rdi", deya xabar bermoqda nashr.
Qayd etilishicha, o‘tgan haftada Tramp o‘z farmoni bilan Paul Weiss xodimlarini (taxminan 1200 advokat) davlat sirlariga kirish huquqidan mahrum qildi, ularning federal binolarga kirishini chekladi va davlat shartnomalarini bekor qilishni boshladi.
Ko‘p o‘tmay, Paul Weiss raisi deyarli “taslim” bo‘ldi. U Oq uyga borib, u yerda uch soat davomida Tramp bilan bitim tuzish masalasini muhokama qildi. Natijada prezident o‘z farmonini bekor qildi. Buning evaziga Paul Weiss Trampning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun, jumladan, faxriylarga yordam va antisemitizmga qarshi kurash kabi loyihalar uchun, 40 million dollarlik bepul yuridik xizmat ko‘rsatish majburiyatini oldi.
"AQShning yetakchi yuridik firmalaridan biri va Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida mashhur raqibi bo‘lgan firmaning taslim bo‘lishi biznes dunyosining chuqur xavotirini aks ettiradi. Prezidentning tahdidlari moliyaviy halokatga olib kelishi mumkinligidan qo‘rqish kuchaydi. Bu bitim Oq uyning o‘zini yanada dadil his qilishiga va Trampning raqiblariga qarshi sanksiyalarni ilgari surishiga imkon yaratishi mumkin. Kompaniya rahbarlarining ayrimlari ham Paul Weiss “kelishuv” uchun yangi narx belgilaganidan xavotir bildirdilar", deb yozadi WSJ.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati allaqachon faoliyati cheklanadigan yana 10 dan ortiq firmalar ro‘yxatini tuzib bo‘lgan.