Qo‘shma Shtatlar 25 iyun kuni Xitoy bilan yangi savdo shartnomasini imzoladi va tez orada Hindiston bilan ham xuddi shunday bitim tuzishga umid qilmoqda.
Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi.
"Kecha biz Xitoy bilan savdo shartnomasini imzoladik, to‘g‘rimi? Biz Xitoy bilan endigina imzoladik", dedi u Oq uyda byudjet va soliq sohasidagi rejalariga bag‘ishlangan tadbirda so‘z yuritar ekan. "Bizni ajoyib shartnomalar kutmoqda. Hindiston bilan kelishib olishimiz mumkin. Juda katta. Biz Hindistonni Amerika biznesi uchun ochamiz. Xitoy kelishuvida biz Xitoyni amerikalik ishlab chiqaruvchilarga ochishni boshlaymiz", - deya da’vo qildi prezident. U tafsilotlarni keltirmadi.
"Biz har bir davlat bilan bitim tuzmaymiz. Biz faqat ba’zi mamlakatlarga xat jo‘natamiz, ular 25%, 35%, 45% to‘lashlari haqida xabar beramiz", - ta’kidladi Amerika ma’muriyati rahbari. U AQShdagi import bojlari stavkalarini nazarda tutgan.