AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqi va yana 59 ta davlatdan import qilinadigan mahsulotlarga yangi tariflarni kuchga kiritdi. Yangi bojlar Rossiya, Xitoy, Hindiston, Kanada va boshqa qator mamlakatlarga ham tatbiq etilmoqda.
Xalqaro ommaviy axborot vositalari bu qarorni Trampning AQSh Oliy sudi cheklovlariga qaramay, savdo urushi siyosatini davom ettirishga qaratilgan navbatdagi qadami sifatida baholamoqda.
Fransiyaning Le Monde nashriga ko‘ra, yangi tariflar avvalgilaridan deyarli farq qilmaydi va ular majburiy mehnatga qarshi kurash shiori ostida joriy etilgan bo‘lsa-da, amalda Trampning savdo siyosatini davom ettirishga xizmat qilmoqda.
Bloomberg esa mazkur choralarni Trampning proteksionistik tarif siyosatini qayta tiklashga qaratilgan eng keng qamrovli harakati deb atadi. Nashr ta’kidlashicha, yangi tariflar import qiluvchilar tomonidan sudlarda ham bahsli masalaga aylanishi mumkin.
Kanadaning CBC telekanali AQSh ma’muriyati Oliy sud bekor qilgan avvalgi tariflar o‘rniga yangi huquqiy asos topganini yozdi. Nashrga ko‘ra, majburiy mehnat mavzusi Tramp ma’muriyati tariflarni asoslash uchun qo‘llayotgan navbatdagi muhim dalilga aylangan.
Hindistonning Press Insider nashri esa yangi qaror doirasida 60 ta savdo hamkori nishonga olinganini, Hindiston esa qo‘shimcha 10 foizlik import bojlariga duch kelayotganini qayd etdi.
Tahlilchilar fikricha, yangi tariflar xalqaro savdo munosabatlaridagi keskinlikni yanada kuchaytirishi va jahon iqtisodiyotiga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin.