AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga Rossiya muzokaralarga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Bu haqda Zelenskiy Amerikaning Axios nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSh ma’muriyati yaqinlashayotgan qish oldidan vaziyatni yumshatish va Rossiya hamda Ukraina o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirishga urinmoqda.
«Rossiya haqiqatan ham bu qish bizni sindirishga yordam berishi mumkin, deb hisoblaydi», — dedi Zelenskiy Axios’ga.
Uning ta’kidlashicha, Donald Tramp ma’muriyati Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bosim o‘tkazib, deeskalasiyaga erishishi mumkin. Zelenskiyning fikricha, Putin AQSh prezidenti Donald Trampni g‘azablantirishni istamaydi.
Shu bilan birga, Rossiyaning muzokaralarga tayyorligi haqidagi bayonot hali tinchlik kelishuviga erishilganini anglatmaydi. Tomonlar o‘rtasida hal qilinishi lozim bo‘lgan qator muhim masalalar mavjud. AQSh esa diplomatik sa’y-harakatlar orqali tomonlarni muzokara stoliga qaytarishga urinmoqda.