Ijtimoiy tarmoqlarda Mirobod tumanidagi 31-maktab o‘quvchilari “Andijon muzqaymog‘i”dan zaharlangani haqida xabar tarqaldi. Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur xabar asossiz va Mirobod tumanidagi 31-sonli umumta’lim maktabi hududida “Andijon muzqaymog‘i” sotuviga yo‘l qo‘yilmagan.
Xabarda keltirilgan 2025 yil 16-18 aprel sanalarida Mirobod tumanidagi 31-maktab o‘quvchilaridan hech kim Toshkent shahar kasalxonalariga, ta’lim muassasasi tibbiyot punktiga oziq-ovqatlar, jumladan, “Andijon muzqaymog‘i”dan zaharlangani yuzasidan shikoyat qilmagan.
Sanepidqo‘mitaning Toshkent shahar boshqarmasi “Andijon muzqaymog‘i” iste’mol qilayotgan kishilarni ogohlantirdi. Ma’lum qilinishicha, ushbu nom bilan sotilayotgan ko‘chadagi muzqaymoqlar qachon, qayerda va qay sharoitda tayyorlangani haqida hech qanday ma’lumot mavjud emas. Bundan tashqari, qadoqlarda mahsulotni qanday sharoitda va qancha muddatgacha saqlash mumkinligi ham yozilmagan. Shunday ekan, ushbu mahsulotni iste’mol qilish hayot uchun xavfli hisoblanadi.
Mutaxassislar salomatlikni saqlash uchun qadoqlanmagan, tekshiruvdan o‘tmagan mahsulotlar iste’mol qilmaslikka chaqirdi.