Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta shaxslar o‘zaro janjallashganligi aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki Ishlar Boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qildi.
Joriy yilning 27 avgust kuni Yakkasaroy tumani, At Termiziy ko‘chasida, 1997 yilda tug‘ilgan S.A. va 1998 yilda tug‘ilgan A.E. Tracker rusmli avtomashinada o‘tib ketayotgan vaqtida fuqarolar: 2003 yilda tug‘ilgan S.R., 2005 yilda tug‘ilgan R.G., 2005 yilda tug‘ilgan B.X.lar bilan o‘zaro tortishib qolgan. Natijada fuqaro A.E. taxta bo‘lagini ko‘tarib, baqir-chaqir qilgan va ushbu fuqarolar jamoat joyida bo‘la turib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan jamoat tartibini buzishgan. So‘ngra A.E. va S.A. avtomashinaga o‘tirib, hodisa joyidan ketib qolgan.
Janjal natijasida hech kim tan jarohati olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”), 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) alomatlari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.