Bugun 3 iyun, 2026 yil, chorshanba

КИР

Toshkentdagi barcha qurilish ob’ektlari uchun yangi talablar joriy etiladi

Toshkentdagi barcha qurilish ob’ektlari uchun yangi talablar joriy etiladi

Toshkent shahar hokimining «Axborot, hisobot, muloqot» shaklidagi uchrashuvi doirasida qurilish ob’ektlarida ekologik normalarni joriy etish va maydonlarni yagona tartib asosida tashkil etishga qaratilgan yangi loyiha taqdim etildi.

Loyihaga ko‘ra, qurilish ob’ektlari tashqi tomondan maxsus to‘siqlar bilan o‘raladi. Shuningdek, ob’ekt pasporti o‘rnatilib, unda qurilish haqidagi barcha zarur ma’lumotlar joylashtiriladi. Piyodalar xavfsizligi uchun himoya soyabonlari tashkil etish ham majburiy talablardan biri bo‘ladi.

Qurilish maydonlari atrofida mikroiqlim yaratish tizimlari, suv purkagich va dozatorlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu choralar havoga tarqaladigan chang miqdorini kamaytirishga xizmat qiladi.

Qurilish jarayonlarini doimiy kuzatib borish maqsadida videokuzatuv kameralari o‘rnatiladi va ular Qurilish nazorati inspeksiyasining yagona tizimiga integrasiya qilinadi. Bundan tashqari, ekologik datchiklar, tungi kuzatuv vositalari, artezian quduqlari, avtomobillarni yuvish maydonchalari hamda avtomatik elektr hisoblagichlari joriy etiladi.

Shuningdek, qurilish texnikalarining shahar ko‘chalariga toza holda chiqishini ta’minlash ham asosiy talablardan biri sifatida belgilanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, poytaxtdagi 1700 ga yaqin qurilish ob’ektini yangi talablarga moslashtirish uchun qurilish tashkilotlariga muayyan muddat beriladi.

Uchrashuv davomida aholi va mutaxassislarning takliflari ham muhokama qilindi. Toshkent shahar hokimi loyihani takomillashtirish bo‘yicha konstruktiv takliflar inobatga olinishini ta’kidladi.

Kiritildi: Bugun 14:32. O'qildi: 295 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!