Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar “Abdulla Qodiriy” metro bekati oldida fuqarolar o‘rtasidagi janjal aks etgan video tarqalmoqda. Toshkent shahar IIBB mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi.
Joriy yilning 12 mart kuni taxminan soat 17.30 larda Yunusobod tumani Markaz-4 dahasidagi “Abdulla Qodiriy” metro bekati oldida joylashgan do‘konlardan biridagi sotuvchi 1999 yilda tug‘ilgan Z.N. sobiq sotuvchisi 1999 yilda tug‘ilgan M.F. bilan kiyim masalasida o‘zaro gap talashib qolishgan. Ularning mojarosiga M.F.ning onasi 1980 yilda tug‘ilgan M.F. va Z.N.ning singlisi 2003 yilda tug‘ilgan Z.D. aralashgan, natijada bu mojaro janjalga aylanib ketgan. Shu yerda bo‘lgan 1998 yilda tug‘ilgan G‘.L., 1973 yilda tug‘ilgan V.O. ularni ajratishga harakat qilishgan. Fuqaro 1999 yilda tug‘ilgan M.F. yengil jarohat olgan.
Holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi.