Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida 9 mingdan ortiq liftlarda nosozliklar aniqlangani haqida tarqalgan xabarlarga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirdi.
Bugungi kunda respublika bo‘yicha 5 491 ta ko‘p kvartirali uyda 13 798 ta lift uskuna mavjud bo‘lib, shundan 12 987 tasi odam tashish, 811 tasi esa yuk tashish uchun mo‘ljallangan.
Toshkent shahrida 3 245 ta ko‘p kvartirali uyda jami 9 144 ta lift mavjud. Shulardan 1 835 tasining ekspluatasiya muddati tugagan, ularni yangilash ishlari Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 17 fevraldagi 98-son qarori asosida 2025-2028 yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. 2025 yilda 452 ta liftni yangilash ishlari yakunlanmoqda.
Shu bilan birga Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 oktyabrdagi 801-son qaroriga muvofiq mamlakatdagi barcha liftlar har yili majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Joriy yilning 1 mayidan boshlab vazirlik tomonidan “Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasi ishga tushirildi.
Mazkur platforma orqali ko‘p kvartirali uy-joylardagi barcha lift uskunalarini real vaqt rejimida monitoring qilish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, liftlardan foydalanuvchi aholi uchun lift uskunalari bo‘yicha doimiy ma’lumotlarni olish imkoniyati ta’minlanmoqda.
Texnik ko‘rik jarayonida liftlarda aniqlanadigan kamchiliklar — bu lift nosoz degan xulosani bermaydi. Aksincha, bu holat profilaktik tekshiruv va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida amalga oshiriladigan muntazam texnik nazorat jarayonidir.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi aholining xavfsizligi va qulay yashash sharoitlarini ta’minlash maqsadida liftlarni ekspluatasiya qilish sohasida doimiy monitoring olib boradi, shuningdek, sohani rivojlantirish orqali mavjud muammolarni oldini olishdagi islohotlarni davom ettiradi.