Surishtiruvlar davomida aniqlanishicha, 2001 yilda tug‘ilgan haydovchining avtomobilida jami 144 marotaba qoidabuzarlik sodir etilgan. Shulardan 38 tasining muddati o‘tgan, 30 tasi esa MIB organlariga o‘tkazilgan bo‘lib, umumiy qarzdorlik summasi 18.090.000 (o‘n sakkiz million to‘qson ming) so‘m ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Haydovchi shu kunning o‘zidayoq qo‘lga olinib, unga nisbatan Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qonunbuzarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 baravarigacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida haydovchi YPX xodimini avtomashina kapoti ustida sudrab ketgani aks etgan yana bir video tarqaldi.
Hodisa 2 noyabr kuni Yashnobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasida sodir bo‘lgan. Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, Gentra haydovchisi avvaliga YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, harakatni davom ettirgan. So‘ngra xodim Gentra’ning ortidan borgan va uni to‘xtatib, haydovchidan hujjatlarini so‘ragan. Shu vaqtda haydovchi YPX xodimini kapot ustida bir necha o‘n metrga sudrab ketgan.
Qoidabuzar boshqa haydovchilar yordamida to‘xtatilgan.
Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev hodisa yuzasidan ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holatda inspektor Otabek Mahmudov jarohatlanmagan, ammo o‘sha vaziyatda uning hayoti xavf ostida qolgandi.