Hujum oqibatida ayolni homilasi tushib qolgandi...
Yakkasaroy tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Jentra haydovchisiga hujum qilinganlik ishini ko‘rib chiqdi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berdi.
Sud 24 yoshli erkak va uning 55 yoshli otasini guruh bo‘lib sodir etilgan bezorilikda aybdor deb topdi.
Dastlab ular qasddan og‘ir tan jarohati yetkazishda ayblangan, ammo sud-tibbiy ekspertiza jabrlanuvchining rafiqasida faqat yengil jarohatlar borligini aniqladi. Hodisadan oldin homiladorlikni tasdiqlovchi tibbiy hujjatlar taqdim etilmagani sababli, homila tushishi haqidagi xabar tasdiqlanmadi.
Natijada ayblov bezorilik deb qayta tasniflandi.
Sud har ikkoviga ikki yillik ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Hibsda o‘tkazilgan vaqtni hisobga olgan holda, oxirgi jazo 1 yil 6 oy 24 kun ozodlikni cheklash jazosi bo‘ldi.