Bugun 21 noyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Toshkentda velosiped o‘g‘risi 5 yildan ortiq muddatga qamaldi

Toshkentda velosiped o‘g‘risi 5 yildan ortiq muddatga qamaldi

Toshkent shahrida 8 kun ichida 8 ta velosiped o‘g‘irlagan shaxs 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 23 yoshli A.X. muqaddam ham o‘g‘rilik uchun sudlangan. Biroq u o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan. A.X. joriy yilning 27 may kuni taxminan 16:30 larda Toshkent shahar Mirobod tumani Afrosiyob ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birining yo‘lagiga kirib, qarovsiz qoldirilgan velosipedni o‘g‘rilab, voqea joyidan yashiringan va velosiped egasiga 7 622 808 so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazgan. O‘sha kuni A.X. yarim tunda Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidagi xonadonlarning birining oldidan 2 mln so‘mlik velosipedni yashirincha o‘g‘rilab ketgan.

Velosiped “ovi”ga chiqqan A.X. 28 may kuni ham Safdosh ko‘chasidagi xonadon oldida turgan F.X.ga tegishli 1 mln 900 ming so‘mlik velosipedga o‘tirib, juftakni rostlagan. A.X. Kichik beshyog‘och ko‘chasida qarovsiz qoldirilgan S.F.ga tegishli bahosi 2 mln 400 ming so‘mlik velosipedga ham “egalik” qilgan.

Shuningdek, u 29 mayga o‘tar kechasi Chilonzor tumani Charx Kamolon ko‘chasida qarovsiz qoldirilgan velosipedni minib ortga qaytgan. Bundan tashqari, u 30 may kuni Shota Rustaveli ko‘chasidagi xonadonlardan birining oldidagi bolalar maydonchasida tros bilan bog‘liq turgan 1 mln so‘mlik velosipedni o‘g‘rilagan. A.X. jinoiy faoliyatini yana davom ettirib, 1 iyun kuni Kosmonavtlar metro bekatiga kirish yo‘lagida turgan M.E.ga tegishli 1 mln 500 ming so‘mlik velosipedni ham o‘g‘rilab ketgan. U ishini 3 iyun kuni ham davom ettirgan va 1 mln 500 ming so‘mlik velosipedni o‘margan.

U ko‘p o‘tmay ushlangan. Sud majlisda sudlanuvchi A.X. aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. O‘g‘irlagan velosipedlarni noma’lum shaxslarga sotib, pulni shaxsiy ehtiyojlariga sarflaganini tan olgan. Oqibatda A.X. sud hukmi bilan 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Kiritildi: Bugun 09:10. O'qildi: 313 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!