Toshkentda erkak o‘z ixtiyori bilan o‘qotar qurol va 1600 dan ortiq o‘q-dorilarni topshirdi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.
Erkak Toshkent shahar IIBBga qo‘ng‘iroq qilib, uyni ta’mirlash chog‘ida yerto‘ladan qurol va o‘q-dorilarni topib olganini va ularni o‘z ixtiyori bilan ichki ishlar organlariga topshirish niyatida ekanligini ma’lum qilgan.
Murojaat asosida tezkor bo‘linmalar xodimlari fuqaroning yashash xonadonini ko‘zdan kechirib, yerto‘ladan RGD-5 rusumli qo‘l granatasi, TOZ-8 va IJ-27E rusumli o‘qotar qurollar, portlatish moslamasi, qo‘l granata zapallari, elektrodetonator, 500 dan ortiq jangovar o‘q-dorilar hamda boshqa buyumlarni aniqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur qurol va o‘q-dorilar fuqaroning marhum otasiga tegishli bo‘lib, u ilgari Mudofaa vazirligi tizimida xizmat qilgan va Qurolli Kuchlar akademiyasidan nafaqaga chiqqan.
IIV eslatishicha, qurol, o‘q-dori va portlovchi moddalarni ixtiyoriy ravishda topshirgan shaxslar javobgarlikka tortilmaydi. Biroq bunday buyumlarni qonunga xilof ravishda saqlash yoki topshirishdan bosh tortish holatlari aniqlansa, Jinoyat kodeksining 248-moddasiga asosan jinoiy javobgarlik belgilangan.