Bugun 8 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Toshkentda soxta avtoraqam tayyorlagan xorijlik va o‘smir sudlandi

Toshkentda soxta avtoraqam tayyorlagan xorijlik va o‘smir sudlandi

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lum qilishicha, Yunusobod tumani Markaz-6 mavzesida yo‘l-patrul xizmati xodimlari «Malibu-2» avtomobilini to‘xtatgan. Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan ko‘zdan kechirishda avtomashinaga noqonuniy ravishda maxsus antenna, sirena va miltillovchi mayoqchalar o‘rnatilgani, old oynasi me’yorga zid ravishda qoraytirilgani aniqlangan. Mashina yukxonasidan boshqa davlatning davlat raqami belgisi ham topilgan.

Tergov davomida Mirzo Ulug‘bek tumanida ham shunga o‘xshash holat aniqlangani ma’lum bo‘ldi. O‘sha yerda voyaga yetmagan shaxs boshqargan «Kia» rusumli avtomobilda rasiya, sirena, miltillovchi mayoqcha, qoraytirilgan oynalar va soxta davlat raqamlari bo‘lgani qayd etilgan.

Tekshiruvda avtomobillarga o‘rnatilgan qalbaki davlat raqamlari Qirg‘iziston fuqarosi Ergashov tomonidan tayyorlangani aniqlangan. U raqamlarni xorijdan buyurtma qilib keltirish va sotish bilan shug‘ullangan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Andijon viloyatida o‘tkazgan tezkor tadbir davomida Ergashov daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi hukmiga ko‘ra, voyaga yetmagan G‘ofurov Jinoyat kodeksining 227¹-moddasi 3-qismi «a» va «b» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan 57-modda qo‘llanilib, bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari — 6 mln 600 ming so‘m jarima tayinlandi. Uning yashash va o‘qish joyida jamoat tarbiyachisini tayinlash Oltinko‘l tumani hokimligi huzuridagi Bolalar masalalari bo‘yicha komissiya zimmasiga yuklandi.

Qirg‘iziston fuqarosi Ergashov Jinoyat kodeksining 127-moddasi 3-qismi hamda 227¹-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybdor deb topildi. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari — 66 mln so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Sud qaroriga ko‘ra, jarima ijro etilganidan so‘ng Ergashov O‘zbekiston hududidan chiqarib yuboriladi.

Kiritildi: 17:15 06.11.2026. O'qildi: 546 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik