Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Toshkentda "qorovul" avtoturargohda turgan mashinani sotib yubordi

Toshkentda "qorovul" avtoturargohda turgan mashinani sotib yubordi

28 yosh! Ayni kuch-quvvatga to‘lgan, ilm olib o‘z ustida ishlash, xunar o‘rganish kabi jamiyatga foydasi tegadigan ishlar bilan o‘z kelajagi poydevorini mustahkamlaydigan palla. Ming afsuski, yengil hayotga o‘rgangan, ter to‘kmay daromad topish ilinjidagilar ham yo‘q emas. Xalqimiz tomonidan “Sayoq yursang, tayoq yeysan”, degan maqol bejizga aytilmagan. Oilasidan ajrashishgada ulgurgan, vaqtincha ishsiz “qahramon”imiz ana shundaylar toifasidan...

Sudlanuvchi uylar oldida joylashgan avtomashinalar turargohida trasport vositasi qarovsiz qoldirilganidan foydalanadi. Aniqrog‘i, uning old va orqa tomondagi davlat raqam belgilarini shikast yetkazgan holda yechib olib, turargoh yonida bo‘lgan ariqqa tashlab yuboradi.

Avtoturargohda o‘zimga tegishli bo‘lgan, 2010 yilda ishlab chiqarilgan transport vositasini qoldirgandim. Ushbu avtomashinadan bir yarim yildan buyon foydalanmaganman. Voqea sodir bo‘lgan kundan bir kun oldin ertalab avtoturargohning oldidan o‘tayotganimda avtomashina joyida turganligini ko‘rgandim. Ertasiga avtomashina yo‘q-da. Avtoturargoh qorovulxonasiga borib so‘raganimda “bu yerga yaqinda keldim, 20 daqiqalarda aniqlab aytaman”, deganicha xabar bo‘lmadi. So‘ng «102» raqamiga qo‘ng‘iroq qildim, - deydi hozirda avtomashinasi o‘ziga qaytarilgan jabrlanuvchi.

“Avtomashinani olib qochgandir-da?” deb o‘ylarsiz. Eng hayratlanarlisi shundaki, sudlanuvchi ikki xaridor topib, ularga “trasport vositasining egasi vafot etgani bois yaroqsiz holatga kelgan”, degan yolg‘on bilan 560 AQSh dollari evaziga sotib yuborgan.

Sudda sudlanuvchi so‘roq qilinganida o‘z aybiga to‘liq iqror ekanini bildirdi.

O‘sha kuni oilaviy janjal sabab uydan chiqib ketdim. Bir do‘stimdan vaqtincha yashab turish uchun joy so‘radim. U o‘zining tanishiga tegishli bo‘lgan avtomashinalar turargohining qorovulxonasidan joy topib berdi. Qorovulxonaga joylashdim. Avtoturagohda turgan avtomashinaning egasini surishtirganimda egasi kimligini hech kim bilmasligini aniqladim. Shunda bu avtomashinani sotish maqsadida xaridor izladim. E’lon bo‘yicha bir xaridor qo‘ng‘iroq qildi. Unga “eski avtomashina bor, egasi vafot etgan, jarima maydonidan o‘n million so‘m qarzi bor”, deya avtomashinani sotib olishni taklif qildim. Ertasi kuni xaridor menga notanish shaxs bilan birga avtoturargohga kelishdi. Ularga avtomashinani ko‘rsatdim, hujjatlarini so‘rashdi. Egasi vafot etgani sababli hujjatlari yo‘qligi, shu avtoturargohda qorovul bo‘lib ishlashimni aytdim. Xaridorlar 560 AQSh dollariga sotib olishdi va evakuatorga avtomashinani yuklab olib ketishdi. Oradan bir-necha kun o‘tib, qorovulxonada bo‘lgan vaqtimda bir rus millatiga mansub shaxs kelib, avtomashinaning egasi ekanini aytib, avtomashina qayerda ekanligini surishtira boshladi. “Yaqinda ish boshladim”, deya qorovulxonadan chiqib ketdim, - deydi avtomashina sotuvidan topgan pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatgan sudlanuvchi.

Jinoyatga jazo muqarrar. Sudning hukmi bilan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 2-qismining «g» bandi va 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi va 4 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchidan manfaatdor taraflarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish yuzasidan fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi. Ish bo‘yicha ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan davlat raqami qonuniy egasiga qaytarilishi belgilandi.

Abror Saidov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Olmazor tuman sudi raisi

Kiritildi: 14:14 14.03.2023. O'qildi: 2651 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!