Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Achxoy-Martandagi YPX postiga hujum qilgan shaxsning harakatlariga Ukraina fuqarosi rahnamolik qilganini ma’lum qildi va "bu voqea ortida turganlarning" oilalarini respublikadan chiqarib yuborishni topshirdi.
Qodirovning aytishicha, kecha Achxoy-Martandagi YPX postiga hujum qilgan erkak voqea joyida o‘ldirilgan. "Kuch tuzilmalari va huquq-tartibot organlari rahbariyati bilan yig‘ilish o‘tkazdim. Achxoy-Martanda polisiya xodimlariga uyushtirilgan hujum va hujumchining voqea joyida yo‘q qilingani muhokama etildi. Uning harakatlariga rahnamolik qilgan shaxslar ham aniqlandi. Ularning ba’zilari Turkiyada joylashgan bo‘lib, ularning faoliyatini Ukraina fuqarosi boshqarmoqda," - deya yozdi Qodirov o‘zining telegram-kanalida.
Shuningdek, Checheniston rahbari xavfsizlik kuchlari bilan o‘tkazgan yig‘ilishi videosidan parchani e’lon qildi. Unda u chechen tilida gapiradi. "IIV va Rosgvardiya FXX bilan hamkorlikda bu ish ortida turganlarning ota-onalari va aka-ukalarini respublika hududidan chiqarib yuborishi lozim. Ularning mol-mulki musodara qilinishi kerak. Agar ular shundan keyin ham o‘zlarini moliyalashtiruvchi Ukraina uchun ishlashni to‘xtatmasa, boshqa qarindoshlarini ham chiqarib yuborish zarur. Xuddi shu narsa YPX postiga hujum qilgan shaxsga ham taalluqli," - deya Qodirovning so‘zlarini keltiradi TASS.