Moskva AQSh prezidenti Donald Trampning bojxona to‘lovlaridan qutulib qoldi. Shunga qaramay, Rossiya Federasiyasi byudjeti Vashingtonning savdo urushidan zarar ko‘rishi muqarrar, deb yozmoqda The Telegraph.
Nashrning ta’kidlashicha, Rossiya uchun xavf neft narxining keskin tushishi tufayli paydo bo‘ldi, chunki savdogarlar bojxona to‘lovlari sababli global iqtisodiy pasayishga e’tibor qaratmoqda. Bu Rossiyaga neft sotishdan olinmagan daromad ko‘rinishida o‘nlab milliard dollarga tushishi mumkin.
Agar AQSh inqirozga yuz tutsa, 2026 yil dekabriga kelib neft narxi 50 dollargacha tushadi, deydi Goldman iqtisodchisi Yuliya Jestkova-Grigsbi. JP Morgan taxminiga ko‘ra, global pasayish ehtimoli 60 foizni tashkil qiladi va bu yuz bersa, narx 45 dollargacha tushishi mumkin.
"Jahon yalpi ichki mahsuloti o‘sish sur’atlarining sekinlashishi va OPEK+ neft qazib olishni qisqartirishdan butunlay voz kechishini nazarda tutuvchi yanada ekstremal va kamroq ehtimoliy ssenariyda, bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 2026 yil oxirida Brent neftining narxi bir barrel uchun 40 dollardan bir oz pastroqqa tushadi," deb ta’kidlaydi Grigsbi.
Bularning barchasi Rossiya byudjetiga qimmatga tushmoqda, chunki neft narxining 1 dollarga o‘zgarishi, agar u yil davomida saqlanib qolsa, Rossiya Federasiyasining neft eksportidan oladigan yillik daromadini 2,7 milliard dollarga kamaytiradi.
"Neft narxining 10 dollarga o‘zgarishi - bu yil davomida neftdan olinadigan eksport daromadlarining 25-30 milliard dollarga o‘zgarishini anglatadi," deb aytadi Kiyev iqtisodiyot maktabi instituti katta iqtisodchisi Benjamin Xilgenshtok. "Bu rublga ko‘proq bosim o‘tkazadi, inflyasiyani kuchaytiradi, hamda Markaziy bankka foiz stavkalarini yanada oshirishi uchun ko‘proq bosim o‘tkazadi," deb qo‘shimcha qiladi Xilgenshtok.