Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxs qizning telefonini tortib olganligi haqidagi xabar tarqalib turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIB quyidagilarni ma’lum qildi.
Joriy yilning 21 dekabr kuni taxminan soat 21.20 da 2004 yilda tug‘ilgan S.Q. Mirobod tumani Amir Temur ko‘chasidagi yer osti yo‘lidan o‘tayotgan vaqtida noma’lum shaxs 500 AQSh dollariga teng bo‘lgan telefon apparatini kuch bilan tortib olib, voqea joyidan qochib yashiringan.
Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida noma’lum shaxsning shaxsi aniqlanib, u 1999 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan (Jinoyat kodeksining 169-moddasi (“O‘g‘rilik” bilan) Madumarov Otabek Oxunjon o‘g‘li ekanligi ma’lum bo‘ldi va tezkor qidiruv xizmati tomonidan ushlandi
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi (“Bosqinchilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O.Madumarovga nisbatan “Qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Hurmatli fuqarolar, agar Siz ushbu shaxsdan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz Toshkent shahar IIBBning 71-206-42-54 raqamiga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz.