Toshkent shahrida giyohvandlik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dorilar tarqalishi oldi olinmoqda. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam sudlangan 1994 yilda tug‘ilgan D. va 1999 yilda tug‘ilgan F. ismli shaxslar Bo‘stonliq tumanida 20 kg kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni sotayotgan vaqtida ushlandi.
Daliliy ashyo sifatida olingan 20 kg kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning narxi 8 mlrd so‘mga teng bo‘lib, 100 ming insonni zaharlashi mumkin bo‘lgan, deyiladi Toshkent shahar IIBB xabarida.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251- (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) va 246-modda 1-qismi (kontrabanda, ya’ni bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib yoxud bojxona hujjatlari yoki vositalariga o‘xshatib yasalgan hujjatlardan aldash yo‘li bilan foydalanib, deklarasiyasiz yoki boshqa nomga yozilgan deklarasiyadan foydalanib, kuchli ta’sir qiluvchi, zaharli, zaharlovchi, portlovchi moddalar, radioaktiv materiallar, portlatish qurilmalari, qurol-yarog‘, o‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni yoki o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, shuningdek, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni yoki diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazish) bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan.
Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.