Bugun 30 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Toshkentda pediatrlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda pediatrlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

D vitaminini qo‘llashning ahamiyati, bolalardagi qorin sanchiqlari sabablari, bolalarda yo‘talni davolashdagi patogenetik yondashuvlar, dori terapiyasining o‘ziga xosliklari va boshqalar – Toshkentda SANTO kompaniyasi ko‘magida tashkil etilgan «Pediatriya: tajriba, innovasiyalar, yutuqlar» konferensiyasida muhokama etildi.

Tadbirda pediatrlar, neonatologlar va umumiy amaliyot shifokorlari qatnashdi. Konferensiya ochilishida Respublika Pediatriya markazi direktori, t.f.d., professor D. I. Ahmedova chiqish qildi va bu kabi konferensiyalar o‘tkazilishining ahamiyatiga urg‘u berdi — ular shifokorlar malakasini oshirish va asossiz ravishda gormonlar, keng ta’sir doirasiga ega antibiotiklarni qo‘llashga ko‘rsatma berish amaliyotini o‘zgartirishga qaratilgan.

«D vitamini – hayot eliksiri» ma’ruzasi bilan chiqish qilgan birinchi ishtirokchi Moskvadan taklif qilingan spiker — t.f.d., professor, akademik Speranskiy G.N. nomidagi RF sog‘liqni saqlash vazirligi Rossiya uzluksiz kasbiy ta’lim tibbiyot akademiyasining pediatriya kafedrasi mudiri I. N. Zaxarova bo‘ldi. U D vitamini ko‘plab a’zo va tizimlarga keng ta’sir etuvchi, gormonlarga o‘xshash kuchli birikma ekanligini ta’kidladi. D vitamini reseptori geni ekspressiyasi inson organizmining har bir hujayrasida mavjud va aynan shuning uchun u juda muhim va zarur element hisoblanadi. Bugungi kunda D vitamini tanqisligi besh turdagi saraton yuzaga kelishi xavfini oshirishi isbotlangan. Amerikalik olimlar tomonidan D gipovitaminozining o‘smirlardagi depressiv holat rivojlanishi bilan bog‘liqligi isbotlangan, shuningdek, D vitamini yetishmovchiligi tashxisiga ega ayollardagi og‘ir depressiyani davolashda D vitamini samaradorligiga dalillar taqdim etilgan.

Bolalarda yo‘talni davolashdagi patogenetik yondoshuvlar, dori terapiyasi o‘ziga xosliklari haqida t.f.d., professor, RIPIATM pulmonologiya bo‘limi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi SSVning bosh bolalar pulmonologi F.M. Shamsiyev so‘zlab berdi. U bugungi kunda nafas olish a’zolari xastaliklari – pediatriyadagi muhim muammo ekanligini ta’kidladi.

— Ko‘pincha o‘tkir respirator xastaliklar bilan kichik yoshdagi bolalar og‘riydi. Agar zarur profilaktik tadbirlar o‘tkazilmasa, bolalarda bu jarayon surunkali tus olishi mumkin, — ta’kidladi F.M. Shamsiyev. — Shifokorning maqsadi — xastalikni aniqlash, diagnostik tadbirlar ko‘lamini belgilash va shundan so‘nggina rasional davo choralarini belgilash. Afsuski, bugun antibakterial terapiyani qo‘llash holatlari ko‘p. Aksariyat hollarda antibiotiklarni bolalar qabul qilishadi va ba’zida antibiotiklardan norasional foydalanish unchalik yoqimli bo‘lmagan natijalarga olib keladi.

Professor bronxial sekret yuzaga kelishiga to‘sqinlik qiluvchi va traxeobronxial tarmoq yorig‘idan balg‘amni chiqaruvchi mukolitik terapiya haqida batafsil so‘zlab berdi, shuningdek, balg‘am ko‘chiruvchi vositalarni rasional qo‘llash muhim ekanligini ta’kidladi.

Go‘daklarda qorin sanchiqlarini davolash yoki davolamaslik borasidagi savolga o‘z ma’ruzasida RIPIATM bosh ilmiy xodimi, Respublika SSV bosh bolalar gastroenterologi, t.f.d Z.E. Umarnazarova javob berdi. U sanchiqlarning asosiy sabablari sifatida asab boshqaruvi va oshqozon ichak traktining morfofunksional yetilmaganligi, shilliq qavat o‘tkazuvchanligining yuqoriligi, sigir suti oqsilini hazm qila olmaslik, mahalliy immunitet o‘ziga xosliklari, ichak mikrobiotlarini sanab o‘tdi.

— Bolalarda ko‘pincha ichak sanchiqlari kuzatiladi, — dedi Z.E. Umarnazarova. — Bu holat hayotning birinchi oyi davomida paydo bo‘ladi va odatda, bola 3-4 oylik bo‘lguniga qadar kutilmaganda yo‘qoladi. Ammo ba’zida sanchiqlar bir yilgacha davom etishi mumkin. Mazkur muammo vaqtidan ilgari hamda kichik vazn bilan tug‘ilgan bolalarda, ayniqsa, ko‘p uchraydi. Organik sanchiqlarni funksional sanchiqlardan farqlash uchun shifokorlar bolalarni sinchkovlik bilan tekshirishadi. Havotirli simptomlardan biri sifatida mutaxassis nisbatan kattaroq yoshda uchraydigan va 4 soatdan ko‘proq davom etadigan sanchiqlarni aytdi. Bu holatda go‘dakni qo‘shimcha ko‘rikdan o‘tkazish zarur.

Funksional tabiatga ega sanchiqlarda esa shifokorlar ko‘rsatmasi bilan simetikon asosidagi dorilarni qo‘llash mumkin, u ichakdagi gazlar va ular bilan bog‘liq qorin og‘riqlarini kamaytirishga xizmat qiladi. IQVIA ma’lumotlariga ko‘ra, o‘z segmentlarida yetakchilik qiluvchi va pediatriya amaliyotida samarali natija bergan mazkur preparat, shuningdek, ibuprofen, D3 vitamini, askorbin kislotasi va ambroksolni SANTO kompaniyasi ishlab chiqaradi. Kompaniya yuqori sifatli hamyonbop dori vositalarini ishlab chiqaradi va Markaziy Osiyo bozorlariga yetkazadi hamda konferensiyada ishtirok etigan mutaxassislarning tan olishicha, farmasevtika sohasida muhim ekspert va shifokorlarning ishonchli hamkori bo‘lib qolmoqda.

Kiritildi: 10:34 06.07.2022. O'qildi: 1955 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!