Bugun 27 iyul, 2026 yil, dushanba

КИР

Toshkentda Ozarbayjon va O‘zbekiston adabiy-madaniy aloqalariga bag‘ishlangan nashrlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Toshkentda Ozarbayjon va O‘zbekiston adabiy-madaniy aloqalariga bag‘ishlangan nashrlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan nashrlarning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda taniqli publisist, "Xalq gazetasi"ning Turkiston bo‘yicha maxsus muxbir Qulu Kengarli tartib qilgan "Qalbimiz bir uradi" almanaxi, "Adabiy va abadiy ko‘prik" antologiyasi, shuningdek, "O‘tmish unutilmaganda tarixga aylanadi" hamda "Ikki xalqning farzandi: Firudin Safarov" kitoblari jamoatchilikka taqdim etildi.

Marosimni kirish so‘zi bilan ochgan Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Akif Marifli Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, qardoshlik va ma’naviy yaqinlik chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanini ta’kidladi. Nutq davomida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti janob Ilhom Aliyev hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti janob Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va alohida e’tibori tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik, jumladan, madaniy-gumanitar hamkorlik izchil rivojlanayotgani alohida qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, muallifning taqdim etilgan nashrlari Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalarni tizimli ravishda tadqiq etish, umumiy tarixiy xotirani asrab-avaylash, shuningdek, ikki qardosh xalqning adabiyot, san’at va madaniyat namoyandalarini keng kitobxonlar auditoriyasiga tanitish nuqtai nazaridan muhim ilmiy-publisistik qiymatga ega ekani ta’kidlandi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston adabiy jamoatchiligi vakillari Nurxon Alimirzayeva va Manzura Baxtiyor taqdim etilgan nashrlar Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi adabiy-madaniy munosabatlarning boy mazmunini o‘zida aks ettirishini qayd etdilar. Ular ushbu nashrlar nafaqat adabiy hodisa, balki Ozarbayjon–O‘zbekiston do‘stligi, ma’naviy yaqinligi va gumanitar hamkorligini mustahkamlovchi muhim madaniy hissa ekanini ta’kidladilar.

Nashrlarning muallifi va muharriri Qulu Kengarli o‘z chiqishida kitoblarning yaratilish jarayoni haqida so‘z yuritar ekan, ko‘p yillik kuzatuvlar, ilmiy izlanishlar va adabiy aloqalarga bo‘lgan chuqur qiziqish natijasida yaratilgan ushbu nashrlar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi so‘z va san’at ko‘prigini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi. U taqdim etilgan kitoblar kelajak avlodlar uchun Ozarbayjon–O‘zbekiston adabiy-madaniy munosabatlarini o‘rganishda qimmatli manba sifatida alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, "Qalbimiz bir uradi" almanaxida zamonaviy o‘zbek adabiyotining 36 nafar vakilining ozarbayjon tiliga tarjima qilingan she’rlari, "Adabiy va abadiy ko‘prik" antologiyasida esa 11 nafar ozarbayjon va 11 nafar o‘zbek shoirining she’riy namunalari o‘rin olgan. "O‘tmish unutilmaganda tarixga aylanadi" kitobi taqdiri Markaziy Osiyo bilan bog‘liq bo‘lgan ozarbayjonliklarning hayot yo‘liga, "Ikki xalqning farzandi: Firudin Safarov" nashri esa taniqli opera rejissyori Firudin Safarov ijodiga bag‘ishlangan.

Umuman olganda, taqdim etilgan nashrlar Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi adabiy aloqalarni kengaytirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash hamda o‘zaro ijodiy almashinuvni rivojlantirishga muhim hissa qo‘shgani ta’kidlandi.

Kiritildi: 16:28 19.06.2026. O'qildi: 1411 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!