Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida yo‘l-patrul xizmati xodimi qurbon bo‘ldi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, avariya 16 iyul kuni soat 18:30 larda ro‘y bergan. Do‘rmon yo‘li ko‘chasi bo‘ylab 3 nafar YPX inspektorlari patrullik mototsikllarida harakatlanib ketayotgan vaqtida G‘azalkent ko‘chasidan chorrahaga kirib kelgan “Onix” mashinasi bilan to‘qnashib ketgan.
Natijada YPX xodimlaridan biri olgan tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan. Hodisada tan jarohati olganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
“Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur YTH kortej kuzatuvi vaqtida sodir bo‘lgani to‘g‘risida noto‘g‘ri talqin kuzatilmoqda. Tarmoq vakillarida asoslantirilmagan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz”, - deyilgan xabarda.
Hozir tergovga qadar surishtiruv o‘tkazilmoqda.