Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi sudyasi Abdulla Muxiddinov raisligida qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etganlikda ayblangan – 1988 yilda tug‘ilgan ayolga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Sudlanuvchi muqaddam 2 marta qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatini sodir qilgan, 3 nafar farzandning onasi.
Sudlanuvchi doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan. 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan (katta farzandi bolalar uyida) bir necha yillar davomida jabrlanuvchining uyida ijarada yashab kelgan. Jabrlanuvchi sudlanuvchining shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘ining tanishi bo‘lgan. Shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘ining aniq ish joyi bo‘lmagani bois spirtli ichimliklar iste’mol qilib, nosog‘lom hayot tarzini kechirgan. 2022 yilning martida shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i bilan tortishib qolib, ijara uydan uni haydab yuborgan.
25 mayda sudlanuvchi farzandlari bilan tanishi bo‘lgan ayolning uyiga boradi. 26 may tongida savdo markazi tomon yo‘l olib, 100 gramm spirt sotib olib, toza suv bilan aralashtirib ichadi. Shundan so‘ng soat 12:00 da tanishi bo‘lgan ayolning kvartirasiga qaytadi. U va farzandlari bilan birga jabrlanuvchining uyiga yo‘l oladi. Shaxsiy buyumlarini olib ketish uchun ijara uyga soat 15:00 larda yetib borishadi. Ijara uydan ko‘chib chiqishni rejalashtirgan.
Ijara uyda bo‘la turib, jabrlanuvchi, sudlanuvchi va tanish bo‘lgan ayol bilan oldilarida voyaga yetmagan farzandlari bo‘lishiga qaramay spirtli ichimlik iste’mol qilishadi. Soat 22:30 larda tanish ayol sudlanuvchining farzandlarini olib, qo‘shni xonaga uxlashga kirishadi. Sudlanuvchi ayol jabrlanuvchi bilan yolg‘iz qoladi. Avvaliga spitrli ichimlik ustida o‘zaro tortishib qolishadi. Jabrlanuvchi sudlanuvchi ayoldan qayerda va kim bilan bo‘lganini aytib berishini talab qiladi. Bordiyu aytmasa, sudlanuvchidan uyni tark etishi kerakligini bildiradi. Natijada mast holatda bo‘lgan sudlanuvchi kelib chiqqan janjal sabab, jabrlanuvchi krovatida yotganidan foydalanib, uni qasddan o‘ldirishni maqsad qiladi. Jabrlanuvchi kuchli mast holatda, deyarli uyquda ekani, 1-2 kun avval notanish shaxslar tomonidan og‘ir tan jaroxatlari borligi va shu bois qarshilik ko‘rsatolmasligidan foydalangan sudlanuvchi xolodilnikning tepasida turgan oshxona pichog‘i bilan qurollanadi. Chalqancha yotgan jabrlanuvchiga pichoq uradi. Nafas olmayotganiga ishonch hosil qilgach, qon dog‘lari tozalangan oshxona pichog‘i bilan ko‘chaga chiqadi va jinoyat qurolini uy yaqinidagi jarlikka uloqtiradi.
Taxminan 30-40 daqiqalardan so‘ng sudlanuvchi ijara uyda bo‘lgan tanish ayolni uyg‘otadi va u sudlanuvchining farzandlari bilan uyni tark etadi. Sudlanuvchi esa qo‘shnilari yordamida huquq tartibot organi xodimlarini chaqirgan. Maqsad esa huquq tartibot organ xodimlarini sodir etgan og‘ir jinoyatidan chalg‘itish bo‘lgan.
Cudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Belgilangan jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.
Jinoyat kodeksining 96-moddasiga binoan jazoni o‘tash joyida alkogolizmdan majburiy davolash belgilandi.
Sudlanuvchidan jabrlanuvchining vakili foydasiga 3.500.000 so‘m moddiy zarar undirish belgilandi.