29 aprel kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida Cobalt va LI XIANG avtomashinalari o‘rtasida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat 22:30 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Movarounnaxr-Mahadma Gandi ko‘chalari chorrahasida 1976 yilda tug‘ilgan M.A. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashinasi hamda 2001 yilda tug‘ilgan D.T. boshqaruvidagi LI XIANG rusumli avtomashinalari ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Yo‘l transport hodisasi oqibatida Cobalt avtomashinasining 2 nafar yo‘lovchisiga shifokorlar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Bildirilishicha, sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.