Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, halollik va shaffoflikni mustahkamlash O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbekiston halol biznes yuritish uchun qulay muhit yaratishda qat’iy ekanligini namoyish etmoqda. Mamlakat barqaror iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush darajasini oshirish yo‘lida harakat qilib, kompleks yondashuvni – qonunchilikdagi o‘zgarishlar, rag‘batlantiruvchi imtiyozlar va preferensiyalarni joriy etmoqda.
Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Biznes-ombudsmanlar va IV Biznesda halollik xalqaro forumi tashkil etildi.
Forumning asosiy maqsadi – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini xalqaro reyting tashkilotlari va hamkorlarga yetkazish, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishning institusional mexanizmlarini mustahkamlash, shuningdek, ishbilarmonlik etikasi, shaffoflik va korrupsiyaga qarshi komplayens sohasidagi xalqaro ilg‘or tajribalarni muhokama qilish uchun muloqot platformasi yaratishdan iborat.
Mazkur nufuzli tadbir 21-23 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Korrupsiyaga qarshi kurashish haftaligi doirasida o‘tkazilib, xalqaro hamkorlar, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma ko‘magi, shuningdek, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi va boshqa qator yirik xalqaro tashkilotlar ko‘magida tashkil etildi. Forum turli mamlakatlarning huquqni himoya qilish institutlari, davlat organlari, biznes vakillari va ekspertlar uchun tajriba almashish, tizimli muammolarni muhokama qilish va halol biznes amaliyotlarini ilgari surish uchun samarali platforma yaratishga qaratilgan.
Tadbirda 10 ga yaqin mamlakatdan 250 nafar ishtirokchi (oflayn va onlayn) qatnashishi kutilmoqda, jumladan: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon inson huquqlari institutlari vakillari, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (Avstriya), Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (Ruminiya)ning korrupsiyaga qarshi kurash ekspertlari, Fransiya Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi, Qozog‘iston va Bosniya-Gersegovinadagi AmCham (Amerika Savdo Palatasi), Transparency International (Latviya), Jahon banki, Osiyo Taraqqiyot Banki, Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki, Shveysariya Tadbirkorlik instituti, shuningdek, SOCAR Midstream Gas Operations (Ozarbayjon), UzAuto Motors va Uzbekistan Airways aviakompaniyasi kabi xalqaro miqyosdagi kompaniyalar vakillari.
Joriy yilda Biznes-ombudsmanlar xalqaro forumi va har yili o‘tkaziladigan “Biznesda halollik” forumi yagona tadbirga birlashtiriladi va sessiyalarga bo‘linadi.
2021 yildan buyon O‘zbekistonda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Biznesda halollik” forumi muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, BMT Giyohvand Moddalar va Jinoyatchilikka qarshi Kurashish Boshqarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlari vakillarining, SOCAR Midstream Gas Operations (Ozarbayjon) va UzAuto Motors (O‘zbekiston) kabi yirik korxonalarning komplayens menejerlarining ishtiroki rejalashtirilgan.
Forum doirasida quyidagilar rejalashtirilmoqda:
– IHTTning Biznes-ombudsman institutlari bo‘yicha tadqiqotida keltirilgan ilg‘or tajribalar va samarali modellarini yoritish;
– turli mamlakatlar tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi nizolarni hal etishga to‘sqinlik qilayotgan Biznes-ombudsman institutlarining institusional muammolari va vakolatlaridagi cheklovlarni o‘rganish;
– Biznes-ombudsman institutini yaratish va uning salohiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha IHTT tadqiqotidagi tavsiyalarni muhokama qilish;
– biznesda axloqiy standartlarni rivojlantirish va halol raqobat tamoyillariga rioya qilishning hozirgi tendensiyalarini tahlil qilish;
– tadbirkorlar o‘rtasidagi nizolarni tezkor va samarali hal etish, shuningdek, xalqaro darajadagi tizimli muammolarni bartaraf etish uchun Biznes-ombudsmanlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish;
– Biznes-ombudsman institutining muvaffaqiyatli modellarni moslashtirish va huquqni himoya qilish institutlari salohiyatini yanada rivojlantirish uchun istiqbollarni muhokama qilish;
– tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘shilishga O‘zbekiston biznesining korrupsiyaga qarshi kurashish Xartiyasiga jalb etish.