AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Budapeshtda bo‘lishi mumkin bo‘lgan uchrashuv haqidagi qarori yaqin ikki kun ichida e’lon qilinishini ma’lum qildi, deya xabar beradi TASS agentligi.
Bu haqda Tramp seshanba kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda aytdi.
Jurnalistlar undan Rossiya prezidenti bilan ehtimoliy uchrashuv haqidagi fikriga izoh berishni so‘ragan. Bundan avval u «vaqtni bekorga sarflashni xohlamasligini» aytgan edi. Biroq Tramp bu so‘zlari tahrirlanganini aytib, quyidagicha javob qaytardi:
«Men hech narsa demadim. Bu (uchrashuv) vaqtni bekorga sarflash bilan teng bo‘ladi, deb men aytmaganman», — dedi Oq uy rahbari.
Shuningdek, u ayni paytda bu yo‘nalishda ko‘plab jarayonlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
"Yaqin ikki kun ichida bu masala bo‘yicha o‘z harakatlarimizni e’lon qilamiz. Hozir bu yo‘nalishda ko‘p ishlar bo‘lyapti", - deya qo‘shimcha qildi Tramp.