Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov O‘zAga bergan intervyusida shahardagi 35 ta bozor va savdo kompleksi sotuvga qo‘yilishi yuzasidan izoh berdi.
“Bozorlar eng og‘ir yo‘nalishlardan biri. Xalqimiz orasida “Bozor va mozorga tegma”, degan naql bor va ushbu gapning ortida asosli xavotirlar yotibdi. Aholimiz o‘rgangan va nasibasini topayotgani joylar o‘zgarsa, albatta, bezovta bo‘ladi, ammo aytish lozimki, hozirgi bozorlar ko‘rinishi bilan ham, biznes modeli bilan ham zamonaviy talablarga javob bermaydi. Shuning uchun 35 ta davlat bozori va savdo majmuasi investorlarga taklif etilmoqda. Lekin bir narsani aniq aytaman: birorta bozor yopilmaydi va o‘z funksiyasini yo‘qotmaydi.
Investorga uchta qat’iy shart qo‘yiladi: belgilangan hajmdagi savdo rastalarini zamonaviy shaklda qurib davlatga topshirish, mavjud tadbirkorlarning ish o‘rinlarini saqlash va yetarli sig‘imdagi avtoturargoh barpo etish. Investor faqat samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, xizmat va ko‘ngilochar ob’ektlar qurish huquqini oladi.
Ekobozor bu model ishlashini ko‘rsatdi. Xalqaro tajriba ham bor – Rotterdamdagi Markthal yoki Lissabondagi Time Out Market tarixiy bozor funksiyasi saqlangan holda shaharning eng gavjum nuqtalariga aylangani bunga misol bo‘la oladi. Bizning bozorlarimiz ham milliy muhitini saqlagan holda aynan shunday rivojlanishi kerak”, – dedi Umrzoqov.
Kiritildi: 15:22 21.08.2026.
O'qildi: 484 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.