Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Toshkentda bekorchi «beshlik» jinoyatga qo‘l urdi

Toshkentda bekorchi «beshlik» jinoyatga qo‘l urdi
Odatda biror-bir tayinli ishning, ya’ni kasbu korning, foydali mashg‘ulotning boshini tutgan kishida deyarli bo‘sh vaqt bo‘lmaydi. Aksincha, qilar ishining tayini bo‘lmagan shaxsning oxir-oqibat jinoyatga qo‘l urishi mumkinligi hayotda ko‘p bora o‘z tasdig‘ini topgan. Aksariyat bu toifa kishilar mo‘may pul topish ilinjida yurishadi. Negaki, kundalik shaxsiy ehtiyojlar, tirikchilik va ro‘zg‘or tashvishlari kutib o‘tirmaydi, hech kimga shafqat qilmay, tug‘ilgandan tug‘ilaveradi.

Zangiota tumanida yashovchi Hakim Ortiqov, Abdulla Karimov, Doston Odilov, Jasur Oripov va Sulton Ahmedovlar (ism-familiyalar o‘zgartirilgan-mualliflar) ayni navqiron, tog‘ni ursa talqon qiladigan yoshda(33, 24, 32, 24, 33 yoshda)gi yigitlar. Ammo ularni bekorchilik — ishsizlik, mehnat qilmay pul topish kabi illatlar jinoiy maqsadda birlashtirdi. Achinarlisi, mazkur jinoyat ishi doirasida tumandagi fermer xo‘jaligida qorovul bo‘lib ishlovchi, 52 yoshli Muzaffar Valiyev ham sudning qora kursisiga o‘tirdiki, buning tafsilotlarini keyinroq keltirib o‘tamiz.

Gap shundaki, Hakim, Abdulla, Doston va jinoyat ishining unga oid qismi alohida ish yurituviga ajratilib, qidiruv e’lon qilingan Nasrulla Zulfiqorov tumanning markaziy shohko‘chasida yashovchi Nazir Qosimovning uyida katta miqdorda pul hamda moddiy qimmatliklar borligini yaxshi bilishardi. Binobarin, ishsizlikdan hamyoni deyarli pul ko‘rmayotgan bu hamtovoqlar ana shu boyliklarni qo‘lga kiritishni rejalashtirishdi. Shu maqsadda 2019 yil 24 iyun kuni tungi soat 02:30larda yuzlariga niqob kiygan holda devordan maxsus arqon yordamida oshib o‘tish orqali mazkur xonadonga bostirib kirishdi. Tabiiyki, bu mahal Nazir aka va rafiqasi Saltanat opa uxlab yotishgandi. Bosqinchilar esa bundan foydalanib, o‘zlari olib kelgan temir zanjir, yog‘och bita va bolta bilan er-xotinning boshi hamda tanasining turli qismlariga ura boshlashdi. So‘ng N.Qosimovning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab tashlashdi. Qolaversa, ularning og‘zini skoch bilan yopib, pul va boshqa moddiy qimmatliklarini talab qilishdi. Shunda joni omon qolishini o‘ylagan Saltanat opa tilla taqinchoqlarning seyfda turganligini, pullar esa oshxonada ekanligini aytadi.

Darhaqiqat, uning ko‘rsatmasiga asosan jinoyatchilar seyfdan tilla taqinchoqlarni olib, oshxonaga chiqishadi. Oshxonaga o‘tishda yotoqxona eshigini qulf­lab qo‘yishadi. Vaqtdan unumli foydalangan S.Botirova erining qo‘l-oyog‘ini yechib yuboradi. Natijada Nazir aka derazadan oshib tushib, qo‘ni-qo‘shnilarini yordamga chaqiradi. Buni sezgan “mehmon”lar bo‘lsa oshxonadan pullarni olib, juftakni rostlashadi. Keyinchalik ularning 110.­000.­000 so‘mlik tilla taqinchoqlar va 283.577.500 so‘m naqd pullarni olib ketgani ma’lum bo‘ladi.

Shundan so‘ng og‘ir jarohatlangan Nazir Qosimov tez tibbiy yordam bo‘limiga olib ketiladi. Bosqinchilar qo‘lga kiritilgan pul va tilla taqinchoqlarni “Navqiron” mahallasi hududidagi makkajo‘xori ekilgan dalaga yashirib qo‘yishadi. Jasur Oripov va Sulton Ahmedov esa buni bila turib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga xabar berishmaydi. Qolaversa, ertasi kuni tungi soat 01:00larda Jasur “o‘g‘rini qaroqchi urdi” qabilida ish tutadi. Ya’ni u makkajo‘xori ichiga yashirilgan tilla taqinchoqlarning 3.100.000 so‘mligini o‘g‘irlab, ularni Chilonzor tumanidagi “Farhod deh­qon bozori” yonida joylashgan tilla buyumlar savdo do‘koni sohibiga 3.075.000 so‘mga sotib yuboradi. O‘shanda Jasur bu o‘g‘irligi uchun Hakim, Abdulla yoki Doston e’tiroz bildirgudek bo‘lsa, ularning “siri”ni fosh qilishni xayolidan o‘tkazgan yoxud bosqinchilarning o‘zlari uning oldida tillari qisiqligi bois lom-mim deyisholmagandir balki? Biroq jabrlanuvchining murojaatiga asosan ishga kirishgan qonun himoyachilari ko‘p o‘tmay ayni jinoyatni fosh etishadi.

Buni qarangki, tergov-surishtiruv jarayonida xuddi tilla zanjir halqalaridek, “qahra­mon”larimizning boshqa jinoyatlari ham ketma-ket oshkor bo‘ladi. Aniqlanishicha, Muzaffar Valiyev o‘sha yilning bahor faslidan buyon hovlisidagi issiqxonada tarkibida tetragidrokannabinol moddasi mavjud bo‘lgan kannabis o‘simligini parvarishlayotgan, shu bilan birga, molxonasida sof vazni 42 grammga teng bo‘lgan marixuana giyohvandlik vositasini saqlab kelayotgan ekan. 

Bundan tashqari, Abdulla Karimov va Hakim Ortiqov B.As­qarovning hovlisiga yashirin ravishda kirib, 179 gramm marixuanani o‘g‘irlab ketishgan. So‘ngra mazkur giyohvandlik vositasini H.Ortiqov o‘zining uyi­da saqlab kelgan.

Albatta, yuqorida tilga olingan holatlarning barchasi tegishli ekspertiza xulosalari bilan o‘z tasdig‘ini topgan. Binobarin, aybdorlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Har kimning qilmishiga yarasha deganlaridek, mazkur jinoyat ishlari Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi “a”-bandi(juda ko‘p miqdorda bosqinchilik), 169-moddasi 1-qismi(o‘g‘irlik), 241-moddasi 1-qismi(tayyorgarlik ko‘rilayotgan yoki sodir etilgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat haqida aniq bilgani holda xabar bermaslik), 270-moddasi 1-qismi(taqiqlangan ekinlarni yetishtirish), 271-moddasi 2-qismi “b,j” bandlari(bir gurux shaxslar tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda egallash), 273-moddasi 4-qismi(giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish), 276-moddasi 2-qismi “a” bandi(giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda ko‘p miqdorda tayyorlash, egallash, saqlash va bosh­qa harakatlar)ni o‘z ichiga oladi. Shu bois jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudi Hakim Ortiqov, Abdulla Karimov, Doston Odilovlarni uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish, Jasur Oripov, Sulton Ahmedov va Muzaffar Asqarovlarni esa ozodlikni cheklash jazosiga mahkum etdi. Shuningdek, sud hukmida H.Ortiqov, A.Karimov, D.Odilovlardan jabrlanuvchi N.Qosimov foydasiga solidar tartibda 290.959.934 so‘m miqdoridagi moddiy zararni undirish ham belgilandi.

Shu o‘rinda masalaning bir jihatiga e’tibor qaratish lozim. Yuqorida mazkur jinoyatga bekorchilik — ishsizlik sabab bo‘lganini ta’kidladik. Negaki, jinoyat ishi materiallarida 6 nafar sudlanuvchidan 5 tasining ishsiz ekanligi qayd etilgan. Hattoki, ulardan 2 nafari o‘rta maxsus ma’lumotga — aniq bir kasbga ega bo‘la turib, hech qayerda ishlamagani ham hududdagi mutasaddilarning, sektor rahbarining, mahalla faollarining aholi bandligini ta’minlash borasidagi mas’uliyatsizligi “samarasi” emasmi?

Yoki 5 nafar sudlanuvchining tumanning Eshonguzar hududida istiqomat qilishi, sudlanuvchi Muzaffar Asqarovning esa uzoq vaqtdan buyon o‘z uyida tarkibida giyohvand modda mavjud bo‘lgan o‘simlikni parvarishlaganligi yoxud marixuana giyohvandlik vositasini saqlab kelganligi mahalla oqsoqoli va profilaktika inspektorining hududda nazoratni susaytirib yuborganidan, aniqrog‘i, mahalladagi vaziyatdan to‘liq boxabar emasligidan darak bermaydimi?

Shunday ekan, hamma aybni jinoyatchiga, uning oilasiga ag‘daravermasdan yon-atrofdagilar — jamoatchilik ham bunday masalada o‘z daxldorligini, loqaydligini his etishi shart.

Kiritildi: 14:37 14.08.2020. O'qildi: 3306 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!