Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda uch yigit homilador ayolga shilqimlik qildi sarlavhasi ostida video tarqalgan edi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, holat Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan. Uch nafar erkak spirtli ichimlik ta’sirida yo‘lda ketayotgan ayolga turtilib ketgan. Ayol bildirilgan e’tiroziga nisbatan, uning homiladorligiga ham qaramay, haqorat qila boshlagan.
“Taxminan sota 20:45 lar atrofida atrofida ishdan uyga qaytayotganimda uch nafar menga notanish fuqaro menga tegajog‘lik qilishdi. Menimcha, uchalasi ham aslida spirtli ichimlik ichib olishgan ekan. Ular menga gap otishdi va qo‘l harakatlari bilan tegajog‘lik qilishdi. Bunaqa qilmaslik kerakligini aytganimda, jarayon biroz muammoli holatga keldi. Lekin bugungi kunda O‘zbekistonda qonun kuchi juda ham ustuvor va ayniqsa ayollarning huquqlari juda himoya qilinmoqda.
Yashnobod tumani ichki ishlar bo‘limiga alohida tashakkurimni bildiraman, zero vaziyatni to‘g‘ri baholashdi. Ular bezorilik qilgan, menga notanish bo‘lgan, yoshi 30-40 lar oralig‘idagi erkaklarni topib kelishdi va kerakli choralarni ko‘rishdi. Buning uchun yana bir bor ichki ishlar bo‘limiga minnatdorligimni bildiraman", - deydi ayol.
Spirtli ichimlik ta’sirida o‘zlarining harakatlarini oddiy hol deb his etgan huquqbuzarlar qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri kelgan vaqtda o‘z qilmishlariga afsuslanishdi.
“Kafedan chiqdik, sheriklarim bilan yo‘limizda ketayotgan edik, yo‘ldan bu ayol chiqib qoldi. Bilmasdan turtilib ketdim, spirtli ichimlik ta’sirida edim. Qilgan ishimdan, gapirgan gaplarimga afsusdaman. Uzr so‘rayman, bunday holatni takrorlamayman", - deydi huquqbuzar erkaklardan biri.
"O‘rtoqlarim bilan chiqayotgandim, ayol bilan kelishmovchilik kelib chiqdi. Unga qo‘pol gapirib yubordim. Undan uzr so‘rayman. Boshqa takrorlamayman", - deydi ikkinchi huquqbuzar.
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudida uch nafar huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan sud qarori qabul qilindi.
Huquqbuzarlikni sodir etganliklari aybi isbotlandi va ularni 10 kun muddatga ma’muriy qamoq jazosiga tortish belgilandi.