Tergovni har tomonlama va to‘liq o‘tkazish maqsadida IN-FIN-STORY INVEST hamda CREDIT HOUSE MCHJ faoliyatidan jabrlangan fuqarolardan tezkor shtabga murojaat qilish so‘ralmoqda.
Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylarni shartnoma asosida muddatli to‘lov bilan sotgan IN-FIN-STORY INVEST va CREDIT HOUSE MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (Katta miqdordagi firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar qildi.
Departament xabariga ko‘ra, tergov doirasida 800 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb topilgan bo‘lib, ularga yetkazilgan umumiy zarar 209 milliard 263 million so‘mni tashkil etgan. Hozirda ishga aloqador 5 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashrapov boshchiligida tezkor shtab tashkil etilgan. Unda tegishli mutaxassislar jalb qilingan bo‘lib, shtab IIV Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti binosida faoliyat yuritmoqda. Ish kunlari har kuni soat 09:00 dan 21:00 gacha davom etadi.
Tergovni har tomonlama va to‘liq o‘tkazish maqsadida IN-FIN-STORY INVEST hamda CREDIT HOUSE MCHJ faoliyatidan jabrlangan fuqarolardan tezkor shtabga murojaat qilish so‘ralmoqda. Manzil: Taras Shevchenko ko‘chasi, 62. Telefon: (71) 231−31−45.