Bugun 5 dekabr, 2025 yil, juma

КИР

Toshkentda 6 ming nafar fuqaro elektrga to‘lov qila olmaydigan bo‘ldi: ularning chiqindidan qarzi bor

Toshkentda 6 ming nafar fuqaro elektrga to‘lov qila olmaydigan bo‘ldi: ularning chiqindidan qarzi bor

Xabaringiz bor, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi 2025 yil 7 martdagi 1044-sonli Qonunga asosan chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha to‘lov intizomini kuchaytirish maqsadida yangi tartib joriy etilgan. Unga ko‘ra, har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatilmoqda.

Jumladan, joriy yilning 5 noyabr kuni Toshkent shahri bo‘yicha chiqindi xizmatlaridan yuzaga kelgan qariyb 2 mlrd 239 mln so‘m debitor qarzdorlik uchun jami 25 ming 121 ta abonent “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “2100” qisqa raqamidan “SMS” xabarnoma orqali ogohlantirildi. Ushbu ogohlantirish yuborilganidan keyin 5 (besh) kun ichida qarzdorlikni bartaraf etmagan 6 ming ta abonentning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatiga bugundan vaqtincha cheklov joriy etildi. Ayni paytda Toshkent shahri kesimida chiqindi xizmatlaridan jami 582 mln so‘mdan ortiq debitor qarzdorlik mavjud.

Eslatib o‘tamiz, mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilanoq darhol yechiladi.

Ma’lumot o‘rnida: ushbu tartib 2025 yil 30 iyuniga qadar bo‘lgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi. 2025 yilning 1 iyulidan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun joriy yilning 5 noyabridan boshlab qo‘llanilmoqda. Sanitar tozalash korxonalari chiqindi to‘lovlarini hisoblashda aniqlik va haqqoniylik uchun javobgar hisoblanadi!

Mazkur tartib joriy yilning dekabr oyidan boshlab respublikaning qolgan hududlarida ham joriy etiladi.

Hurmatli abonentlar, sizda chiqindilarni boshqarish sohasi va xizmat sifatiga doir taklif va shikoyatlar yuzaga kelganda, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining “1205” qisqa raqamiga 24/7 rejimida murojaat qilishingiz mumkin.
Mazkur tartib joriy yilning dekabr oyidan boshlab respublikaning qolgan hududlarida ham joriy etiladi.

Kiritildi: 10:46 11.11.2025. O'qildi: 1109 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!