Toshkent shahrining Yashnobod tumanida 500 dan ortiq daraxt nobud bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 7 sentyabr kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi “M-D D” fermer xo‘jaligi hududida sodir bo‘lgan yong‘inda 531 tup daraxt nobud bo‘lganligi oqibatida o‘simlik dunyosiga 134,9 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
O‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra, Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda Yashnobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.