Shayxontohur tumanida sanitariya talablariga javob bermaydigan sharoitda saqlangan 220 kg “Andijon muzqaymog‘i” aholiga tarqatilayotgani fosh etildi. Mahsulotlar bir necha marta muzlatilgan, hasharotlar tushgan va idishlar mog‘or bilan qoplangan bo‘lib chiqdi.
Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi hamda Shayxontohur tumani bo‘limi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida juda og‘ir sanitariya holatida saqlanayotgan 220 kg muzqaymoq aniqlandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha (https://t.me/toshsanepid/20378), muzqaymoq mahsulotlari noma’lum sharoitda tayyorlangan va ularning sifati hamda xavfsizligini tasdiqlovchi hech qanday hujjat mavjud emas. Qadoqlarda talab etilgan ma’lumotlar ko‘rsatilmagan, mahsulotlar esa bir necha marta eritilib, qayta muzlatilgan holda saqlangan.
Tekshiruv davomida muzqaymoq idishlarining ancha vaqtdan beri tozalanmaganligi va ularda hasharotlar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, muzqaymoq bilan birga tarqatilayotgan vaflilar ham ochiq holda saqlangan.
Huquqbuzarlik holati aniqlangan zahoti, mazkur noqonuniy faoliyat to‘xtatildi va muzqaymoq mahsulotlari belgilangan tartibda yo‘q qilindi. Shu bilan birga, sanitariya qoidalarini buzgan 3 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.