Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida Spark urib ketishi oqibatida 22 bosh qo‘y nobud bo‘ldi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Voqea 19 oktyabr kuni soat 05:00 larda D 017 Olmaliq—Toshkent avtomobil yo‘lining 17-kilometrida sodir bo‘lgan. 1998 yilda tug‘ilgan D.SH. Spark avtomobilini boshqarib ketayotganida qatnov qismida bo‘lgan qo‘ylar podasini urib yuborgan.
Haydovchi transport vositasini to‘xtatib, tushganidan so‘ng avtomobilda yong‘in kelib chiqqan.
Hodisa natijasida haydovchining sog‘lig‘iga ziyon yetmagan. Spark to‘liq yonib ketgan.
Holat yuzasidan Ohangaron tumani IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.