Bild nashrining yozishicha, agar Rossiya Boltiqbo‘yi mamlakatlariga hujum qilsa, o‘n kun ichida Latviya va Litvaning bir qismini bosib olishi mumkin.
Bu Amerikaning Center of New Generation Warfare (Yangi avlod urushi markazi) tomonidan o‘tkazilgan ehtimoliy Rossiya hujumi ssenariysi natijalari. Tahlilda NATO'ning sobiq generallari Filip Bridlav va Ben Xodjes ishtirok etgan.
Ssenariyga ko‘ra, hujum 2027 yilda sodir bo‘ladi. Ta’kidlanishicha, eng yomon holat yuz bergan taqdirda jamoaviy mudofaa bo‘yicha kelishuvning 5-moddasidan kelib chiqib NATO'ning Boltiqbo‘yi mamlakatlariga quruqlikdan yordam ko‘rsatishi uchun o‘n kungacha vaqt kerak bo‘ladi.
Hujumni qaytarishda Litva va Latviya qo‘shinlaridan tashqari u yerda joylashgan nemis qo‘shinlari ham ishtirok etadi.
Ushbu prognozga ko‘ra, Rossiya Latviyani bosib oladi va Litvaga hujum qiladi, Litva va uning ittifoqchilari chekinishga majbur bo‘ladi. NATO'ning asosiy kuchlari yetib kelguniga qadar mamlakat hududining bir qismi bosib olinadi.